




Bachadon miomasi haqida nimalarni bilish kerak?
Bachadon miomasi — bachadon mushak qavatidan rivojlanadigan yaxshi sifatli o‘sma bo‘lib, reproduktiv yoshdagi ayollarda tez-tez uchraydi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ayollarning 20–40 foizi hayotining biron bosqichida ushbu holat bilan to‘qnash keladi, biroq ko‘pchilik hech qanday alomat sezmasligi mumkin.
Oddiy so‘z bilan aytganda, mioma — bachadon devorining mushak va biriktiruvchi to‘qimasidan hosil bo‘ladigan o‘simtasimon tugun. U saraton emas, ya’ni zararli o‘sma hisoblanmaydi va juda kamdan-kam holatlarda saraton kasalligiga aylanadi. Tugunlarning kattaligi bir necha millimetrdan 10–15 santimetrgacha, hatto undan ham katta bo‘lishi mumkin, shuningdek ular bitta yoki bir nechta bo‘lib joylashishi mumkin.
Joylashuviga qarab mioma bir necha turga bo‘linadi:
🔹 Subseroz mioma — bachadonning tashqi tomonida, seroz parda ostida joylashadi va uzoq vaqt hech qanday belgi bermasligi mumkin.
🔹 Intramural mioma — bachadon mushak qavatining o‘rtasida hosil bo‘ladi, eng ko‘p uchraydigan turi hisoblanadi.
🔹 Submukoz mioma — bachadon bo‘shlig‘iga qarab o‘sadi va kichik hajmda bo‘lsa ham kuchli qon ketishi hamda bepushtlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, bachadon bo‘yni sohasida rivojlanadigan servikal mioma ham uchraydi.
🔹 Hayzning ko‘p va uzoq davom etishi
🔹 Qorin pastida og‘riq yoki bosim hissi
🔹 Tez-tez siyish
🔹 Ba’zan homilador bo‘lishdagi qiyinchiliklar
🔹 Qorin bo‘shlig‘ining shishib ko‘rinishi
🔹 Uzoq davom etuvchi qon yo‘qotish natijasida yuzaga keladigan anemiya belgilari — bosh aylanishi, tez charchash
Aniq sababi noma’lum, ammo gormonal o‘zgarishlar, irsiy moyillik va ortiqcha vazn uning rivojlanish xavfini oshirishi mumkin. Ayniqsa, organizmda estrogen gormoni miqdorining ko‘pligi mioma tugunlarining o‘sishini tezlashtiradi. Homiladorlik, abort, hayz siklining buzilishi, shuningdek adenomioz kabi holatlar ham tugunlarning paydo bo‘lishiga ta’sir qiluvchi omillar sirasiga kiradi.
Bu miomaning hajmi va joylashuviga bog‘liq. Ayrim miomalar umuman ta’sir qilmasa, boshqalari homilador bo‘lishni qiyinlashtirishi yoki homiladorlik kechishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Xususan, bachadon bo‘shlig‘ini deformatsiya qiluvchi submukoz tugunlar urug‘langan tuxum hujayrasining bachadonga joylashishini qiyinlashtirishi, natijada bepushtlik yoki homilaning erta tushishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu sababli, homiladorlikni rejalashtirishdan oldin mioma bilan homiladorlik masalasi bo‘yicha ginekolog bilan maslahatlashish tavsiya etiladi. Ko‘pchilik hollarda, agar tugunlar kichik va bachadon bo‘shlig‘idan uzoqda joylashgan bo‘lsa, homiladorlik hech qanday asoratsiz kechishi mumkin.
Albatta, mioma davolanadi. Har bir bemor uchun davolash usuli individual tanlanadi. Bachadon miomasini davolash tugunning kattaligi, joylashuvi, bemorning yoshi va homiladorlikni rejalashtirish istagiga qarab belgilanadi.
🔹 Kuzatuv taktikasi — kichik va alomatsiz tugunlar uchun muntazam tekshiruvdan o‘tib turish tavsiya etiladi.
🔹 Dorivor terapiya — gormonal preparatlar yordamida tugunning o‘sishini sekinlashtirish va simptomlarni yumshatish mumkin.
🔹 Bachadon arteriyasini embolizatsiya qilish — jarrohliksiz, tugunga qon ta’minotini to‘xtatish orqali uni kichraytirishga asoslangan zamonaviy usul.
🔹 Miomektomiya — faqat tugunni olib tashlab, bachadonni saqlab qolishga qaratilgan jarrohlik amaliyoti, bu ayniqsa homiladorlikni rejalashtirgan ayollar uchun afzal ko‘riladi.
🔹 Histerektomiya — bachadonni butunlay olib tashlash, odatda tugunlar juda katta bo‘lgan yoki boshqa usullar natija bermagan hollarda qo‘llaniladi.
Shuni ta’kidlash joizki, agar bachadon miomasi o‘z vaqtida davolanmasa, taxminan 40–65 foiz hollarda tugunlar yillar davomida asta-sekin kattalashib boradi, bu esa anemiya, kuchli qon ketishi va reproduktiv funksiyaning buzilishi kabi asoratlarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun o‘z vaqtida tekshiruvdan o‘tish va mutaxassis tavsiyasini olish juda muhim.
🔹 Har yili ginekolog ko‘rigidan o‘tib turish
🔹 Gormonal balansni nazorat qilish
🔹 Ortiqcha vazndan saqlanish
🔹 Stress va nosog‘lom turmush tarzidan uzoqroq bo‘lish
Erta tashxis va to‘g‘ri yondashuv — samarali davolashning eng muhim qadamidir. Agar sizda yuqorida sanab o‘tilgan belgilardan biri kuzatilsa, o‘z vaqtida mutaxassisga murojaat qiling — bu bachadon miomasini davolash jarayonini ancha yengillashtiradi va reproduktiv salomatlikni saqlab qolishga yordam beradi.
📨 Manba: Telegram: @eko_iksi_clinic



Ish vaqtimiz 24/7

Assalomu alaykum, biz bilan bog'lashin uchun uchun quyidagi tugmani bosing.